2021 yil davlat dasturiga asosan, Farg’ona viloyatida Respublika byudjeti mablag’lari hisobidan 37 dona bolalar sport maydonchalari qurilishi belgilangan bo’lib, hozirda qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tashabbusi bilan dasturga qo’shimcha ravishda yana 80 dona bolalar sport maydonchalari hamda “Work out” lar qurish rejalashtirilgan va bu ishlarning yakuniy bosqichlari amalga oshirilyapti.
Farg’ona shahridagi “Lolazor” mahallasi A.Qodiriy ko’chasida joylashgan 187-189-sonli uylar old qismiga 110 million so’m mahalliy byudjet mablag’lari evaziga bolalar maydonchasining qurilishi yakunlandi. Hududda mingdan ziyod aholi bo’lib, farzandlariga yaratilgan qulayliklardan barcha mamnun.
“Shakarqishloq” MFY Tarona ko’chasida 16-17 ko’p qavatli uylar joylashgan hududga ham 120 million so’m mablag’ sarflanib, zamonaviy bolalar maydonchasi qurilmoqda. Mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami oldidan uni bolajonlar ixtiyoriga topshirish maqsad qilingan.
Ushbu maydonchalarda o’nga yaqin o’yin qurilmasi o’rnatilib, maskanlarning texnik holati, tozaligi mahalla tomonidan doimiy nazorat qilinishi belgilangan. Shuningdek, yaroqsiz holga kelgan o’yin qurilmalari yangilanib, takomillashtirilib borilmoqda.
