Farg’ona viloyatining Oltiariq tumani nafaqat O’zbekistonda, balki ko’plab xorijiy davlatlarda ham o’zining uzumlari va uzumchilik maktabi bilan yaxshi tanilib ulgurgan. Mamlakatimizda uzumchilikni rivojlantirishda ushbu tuman namuna sifatida olingani ham bejiz emas. Viloyatdagi 7834 gektar uzum bog’laridan 1498 gektari aynan Oltiariq tumanida joylashgan. 2021 yilda viloyatda kutilayotgan 153880 tonna uzum hosilining 43784 tonna qismi ham Oltiariq tumanida yetishtirilishi rejalashtirilgan.
Oltiariq uzumlariga xorijiy davlatlar talab kattaligini inobatga olib, uning ertapishar turlari pishib yetilishi bilan xorijga ham eksporti boshlab yuborildi.
Bu borada Farg’ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan qishloq xo’jaligi mahsulotlarining eksportini qo’llab-quvvatlash maqsadida hamda Oltiariq tumani yirik qishloq xo’jaligi mahsulotlarini yetishtirilishi va eksport qilinishini inobatga olib “Vodiy” hamda “Marg’ilon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari tarkibida “Eksportga ko’maklashish markazlari” tashkil etilgan. Ushbu eksportga ko’maklashish markazlari tomonidan dastlabki joriy yilda qiymati 232 ming AQSh dollarlik 220 tonna uzum Qirg’iziston, Qozog’iston va Rossiya kabi davlatlarga eksport qilindi.
Eslatib o’tamiz, Farg’ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 2020 yilda qiymati 30,5 mln. AQSh dollariga teng bo’lgan 28 ming 100 tonna uzum eksport bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan.
Uzum asosan Rossiya, BAA, Ukraina, Belorusiya, Germaniya, Mo’g’uliston, Polsha, Litva, shuningdek qo’shni Qirg’iziston va Qozog’istonga eksport qilingan.


